BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari XI konferensiyasida O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari taqdim etildi
Qatar Davlatining Doha shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlarining XI konferensiyasi (COSP11) doirasida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Konferensiyaning yalpi sessiyasida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari taqdim etildi.
Xususan:
- O‘zbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish va hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi ilgari surildi;
- BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlarining navbatdagi konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi taqdim etildi.
Shuningdek, konferensiya doirasida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha milliy tajribalar muhokama qilinib, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.